Ijarachiga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini boshqa shaxsga qayta ijaraga berishga ruxsat berilmoqda

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 18 yanvarda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida qayd etilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berilmoqda.
Bunda ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida, tegishli bandlarda nazarda tutilgan hollarda esa, kamida besh yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi shart, ushbu muddat ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab hisoblanadi.
Yuridik shaxslarga elektron onlayn auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab besh yildan keyin yo‘l qo‘yiladi.
O‘zA