Ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turganlarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi

287

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 18 yanvarda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Joriy yil 1 martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etilmoqda.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini uch yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Bu tartib ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan fuqarolarga nisbatan boshqacharoq qo‘llaniladi.

Dehqon xo‘jaligi, yakka tartibda bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilikni yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘olibi bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan fuqarolarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

O‘zA