Jahon shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan “Tata Steel Chess-2024” xalqaro turniri “Masters” guruhidagi bahslarining ortda qolgan 6-turida Nodirbek amaldagi jahon chempioni bilan jang olib bordi.

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o‘tayotgan mazkur nufuzli musobaqaning “Masters” guruhida 14 nafar nomdor shaxmatchilar qatorida ishtirok etayotgan Nodirbek Abdusattorov 6-turda ham oldingi to‘rtinchi va beshini turdagi natijalarini takrorladi.

Hamyurtimiz ushbu turda garchi qora donalarda o‘ynagan bo‘lsa-da, amaldagi jahon chempioni Din Lijen bilan kechgan murakkab bahsda g‘alabaga teng durangga erishdi va ochkolari sonini 3,5 taga yetkazib oldi.

Turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan niderlandiyalik Anish Giri “Tata Steel Chess-2024” 6-turida eronlik Parxam Magsudlu bilan durangga erishib, 4,5 ochko bilan yetakchilikni davom ettirmoqda.

Undan keyingi o‘rinda borayotgan Alireza Firuzja 6-turda xitoylik Veyni 1:0 hisobida mag‘lub etib, 4 ochkoga ega bo‘lib oldi.

G‘oliblikka da’vogarlik qilayotgan Nodirbek Abdusattorov, Maks Varmerdam, Dommaradju Gukesh, Rameshbabu Praggnanandhaa hisobida 3,5 ochko mavjud.

Bugun, 20 yanvar kuni o‘tkaziladigan 7-tur uchrashuvida Nodirbek Abdusattorov turnirda yetakchilik qilayotgan Anish Giri bilan kuch sinashadi. Mazkur uchrashuv “Tata Steel Chess-2024”ning eng muhim bahslaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Aynan ushbu “aql jangi”da kimning qo‘li baland kelsa, xalqaro turnirda g‘oliblikka asosiy nomzod bo‘lish huquqiga ega chiqadi. Agar tomonlar murosa yo‘lini tanlasa, g‘oliblik uchun kurashuvchilar safi yanada kengayishiga olib kelishi ham ehtimoldan yiroq emas.

7-turda shuningdek, Vidit – Firuzja, Donchenko – Szyuy Venszyun, Gukesh – Varmerdam, Praggnanandhaa – van Forest, Magsudlu – Nepomnyashiy, Vey – Din Lijen ro‘baro‘ kelishadi.

13 turdan iborat bo‘lgan xalqaro turnirning eng kuchlilari nomi 28 yanvarda aniqlanadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA