Bugun Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni Turkiyaga tashrif buyuradi. Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani mamlakat hukumati rahbarining tashrifi oldidan Turkiyaning “DHA” nashriga intervyu berdi.
Tayani o‘z intervyusida mintaqaviy va global mavzularda Turkiyaning ahamiyatiga e’tibor qaratgan. Ikki davlat mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda qanday rol o‘ynashi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, u shunday degan:
“Turkiya barcha musulmon davlatlari bilan muloqot olib borishi mumkin, jumladan, hozirgi keskinlik kuchayayotgan vaziyatda”.
Antonio Tayani barcha tinchlikparvar amaliyotlar doirasida Turkiyaning tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlaganini qayd etgan.
“Biz Turkiyaning ko‘plab masalalarda ikkinchi darajali emas, muhim va asosiy rol o‘ynashini har doim aytganmiz. Biz Afrikada xavfsizlik, Liviyadagi muammolar, noqonuniy migratsiya va boshqa masalalargacha hamkorlik qilishimiz mumkin”, – degan italiyalik siyosatchi.
Nashr Tayaniga turk fuqarolari uzoq vaqtdan beri Turkiyadagi Italiya diplomatik vakolatxonalaridan vizaning turlaridan qat’i nazar uni ololmayotganlarini ma’lum qilgan.
Siyosatchining qayd etishicha, bunga kadrlar yetishmasligi va ortiqcha talab sabab bo‘layotganini aytgan.
“Biz viza olish huquqiga ega bo‘lganlarga tezda viza berishga harakat qilamiz va bu boradagi ishlarni yaxshilash uchun qo‘shimcha xodimlarni yollashga qaror qildik”, degan u.