Joriy yil 1 martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etiladi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 18 yanvarda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida qayd etildi.

Yangi tartibga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolari orqali o‘ttiz yilga ijaraga beriladi. Bunda boshlang‘ich narx yer uchastkasining normativ qiymati miqdorida belgilanadi.

Yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha materiallarni tayyorlash, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilguniga qadar, ochiq elektron tanlov uchun belgilangan tartibda, elektron onlayn auksion savdolarini o‘tkazish esa, auksion savdolarini tashkil etish hamda o‘tkazish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini uch yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

O‘zA