“O‘zmilliybank” AJ: tarixni o‘rganmoq o‘zlikni anglamoq

293

“Tun.Tush.Tong”. Xalqimizning mustaqillikka erishgunga qadar hayotini majoziy ma’noda aynan shu uch so‘z zamirida aks ettirish orqali uning og‘ir qismati, ma’naviy-ma’rifiy bo‘hronlar ichidagi inqirozi va istibdodga qarshi kurashi, tush singari pinakka ketgan qatlamini uyg‘otish yo‘lidagi harakatlar hamda undan va nihoyat uyg‘onishini majoziy tashbehlar, tarixiy faktlar, hujjatlar orqali ifodalagan ko‘rgazma, eng avvalo, noan’anaviy mavzusi bilan omma e’tiborini tortdi.

Joriy yilning 18 yanvar kuni O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Turkistondagi jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazma Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti va O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi hamkorligida tashkil etildi.

Aytish joiz, mazkur ko‘rgazma, XIX asrning oxiri va XX asr boshlaridagi Turkiston tarixiga, ayniqsa, jadid ma’rifatparvarlarining ta’lim islohotlari, jamiyat taraqqiyotiga qaratilgan fikrlari va huquqiy demokratik davlat qurish harakatlariga bag‘ishlangan materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini taqdim etadi. Jadidchilik harakatining turli qirralarini o‘rganishni o‘z ichiga olgan “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi jadidlarga tegishli rasmiy hujjatlarni, ularning fotosuratlari va shaxsiy buyumlarini namoyish etib, bu harakat a’zolarining milliy o‘zlik, mustaqillik va davlatchilik g‘oyalari shakllanishidagi muhim ahamiyatini ko‘rsatib beradi.

Shuningdek, ko‘rgazmada Turkistonda jadidchilik harakatining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillarga katta e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari, o‘sha davrning ijtimoiy-iqtisodiy holati, yangi uslubdagi maktablarning faoliyat yuritishi, matbuot faoliyati, gender tenglik masalalari va jadid ma’rifatparvarlari faoliyatining boshqa muhim  jihatlari haqidagi alohida bo‘limlar ham o‘rin olgan.

–Xabaringiz bor, 2023 yilning 11-12 dekabr kunlari Toshkent shahrida “Jadidlar, milliy o‘zlik, davlatchilik va istiqlol g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, – deydi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Akromjon Fozilov. – Unda 40 dan ortiq xorijlik ishtirokchilar va 10 dan ortiq davlatning professor olimlari qatnashgan edi. Shu konferensiya uchun maxsus tayyorlangan “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi bugun xalqimiz, yoshlarimiz va ziyoli qatlam uchun yana o‘z ishini boshladi. “Tun. Tush. Tong” konsepsiyasi asosida qurilgan bu ko‘rgazmada jadidchilik harakatining paydo bo‘lishi, faoliyati va natijasi xususida o‘ziga xos tarzda so‘z yuritiladi. Ushbu ko‘rgazmada ko‘pchilik uchun tanish eksponatlar bilan bir qatorda,  ilk bor namoyish etilayotgan tarixiy suratlar hamda hujjatlar ham tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘rgazmada tarix va san’at, madaniyat va ma’rifat uyg‘unligini ko‘rish mumkin.

Ko‘rgazmaning ilk ochilish kunida OAV, ziyolilar va san’at hamda madaniyat vakillari ishtirok etdi.

– Bunday ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etishim, –deydi O‘zbekiston Milliy universitetining tarix fakulteti talabasi Oydin Ashurmetova. – To‘g‘risi menda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Sababi o‘qish boshqa, ko‘rish boshqa ekan. Bu yerdagi eksponatlar va o‘sha davrga xos bo‘lgan muhit meni juda katta hayajonga soldi.

“Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi O‘zbekiston tarixini yanada chuqurroq o‘rganish, o‘tmish bilan yaqindan tanishish va o‘sha davrning ruhini his qilib, hozirgi zamon bilan qiyoslash imkonini beradi. Ko‘rgazma, shuningdek, bizning boy tarixiy merosimizni saqlash va uni ommalashtirishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida 18 yanvardan 18 fevralgacha davom etadi.

“O‘zmilliybank”AJ,  

Matbuot xizmati