FOTOREPORTAJ
Nukus shahridagi “Nukus evro stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati iste’molchilarni sifatli va arzon qurilish mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda.
Korxona 2010 yil tashkil etilgan bo‘lib, unga tadbirkor Ozod Shimbergenov rahbarlik qiladi. Bu yerda uy-joy qurilishi va ta’mirlash ishlarida foydalaniladigan 30 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, Qoraqalpog‘istonning barcha tuman va shaharlaridagi savdo nuqtalariga shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. Nukus shahri markazidagi ikkita manzilda korxonaga qarashli savdo do‘koni tashkil etilgan.
– Keyingi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan biz kabi tadbirkorlik sub’ektlari davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi korxona rahbari Ozod Shimbergenov. – Tijorat banki tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘i va lizing evaziga korxonaga yangi va zamonaviy uskunalar keltirilib, moddiy-texnik bazamiz yaxshilandi. 70 dan ziyod kishining ish bilan bandligi ta’minlandi.
Yaqin kunlarda korxonada yangi yo‘nalish – santexnika ishlarida foydalaniladigan PPR granulasi orqali sovuq va issiq suv uchun turli diametrdagi quvurlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozirda loyiha uchun xorijdan zarur uskunalarni olib kelish bo‘yicha amaliy ishlar bajarilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA