Pekinda “Samarqand hikoyasi” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi

289

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasida “Samarqand hikoyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xitoy akademik doira vakillari, sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, jurnalistlar, shuningdek, vatandoshlar qatnashgan.

Elchixonamizning xabar berishicha, xitoy tiliga tarjima qilingan ushbu kitob Buyuk ipak yo‘lining durdonasi sifatida jahonga mashhur – qadimiy Samarqand shahri tarixiga bag‘ishlangan. Asar tarixiy xronologik tartibda shaharning paydo bo‘lishidan to hozirgi kunga qadar bo‘lgan ming yillik tarixni tasvirlaydi. Kitobda Samarqand va Xitoy hamda Buyuk ipak yo‘li o‘rtasidagi tarixiy bog‘liqlik haqida ham hikoya qilinadi.

Darhaqiqat, qo‘hna Samarqand Buyuk ipak yo‘lining jahonga mashhur durdonasi sifatida Osiyo va Yevropa o‘rtasida o‘zaro savdo, texnologiyalar, g‘oyalar va madaniy qadriyatlar almashinuviga katta hissa qo‘shgan ushbu afsonaviy yo‘lning shonli o‘tmishi yodgorligi, deya ta’kidlangan.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugun Samarqand yirik xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar o‘tkaziladigan joy sifatida e’tirof etilayotganini alohida qayd etgan. Xususan, 2022 yil sentyabrda ushbu qadimiy shaharda Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi yuqori saviyada bo‘lib o‘tgani tilga olindi.

Xitoyning chet tillardagi adabiyotlarni nashr etish va tarqatish boshqarmasi vitse-prezidenti Yuy Tao Samarqand O‘zbekistonning ikkinchi yirik shahri va qadimiy Ipak yo‘lidagi muhim markazlardan biri ekanini aytgan.

– Kitobning muqaddimasida yozilganidek, bu qadimiy va navqiron shahar, betakror sharqona ertak, rang-barang, qadimiy va muhtasham tarixiy diqqatga sazovor joylarga ega voha, jahon sivilizatsiyasi beshiklardan biridir, – degan vitse-prezident Yuy Tao. – Asar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashinuvning muhim vositasiga aylanishiga ishonaman.

 

O‘zA