Senat Raisi: barcha kuch va resurslar xalqimizni rozi qilishga safarbar etildi

278

Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva 2023 yil mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida, ayniqsa, siyosiy yo‘nalishda o‘ta muhim voqea-hodisalarga, jarayonlarga boy bo‘lganini ta’kidladi.

– Xalqaro maydonda murakkab vaziyat saqlanib qolayotganiga qaramay, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar qat’iyatlik bilan amalga oshirildi, – dedi T.Norboyeva. – “Yangi O‘zbekiston – 2030″ strategiyasining qabul qilingani Prezidentimiz boshchiligidagi keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlarimizning asosiy dasturilamali bo‘ldi.

Soha va tarmoqlarni diversifikatsiya qilish, hududlarni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi dolzarb masalalarni hal etish borasidagi sa’y-harakatlar sifat hamda mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqildi. Natijada qanchalik murakkab bo‘lmasin iqtisodiyotda barqarorlik ta’minlandi.

Jahon banki tomonidan berilgan baholarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodining o‘sishi o‘tgan yilda 5,5 foizni tashkil qilgan. Joriy yilda ham mazkur ko‘rsatkich saqlanib qolinishi prognoz qilinmoqda.

Senat Raisining qayd etishicha, barcha kuch va resurslar belgilab olingan dasturiy vazifalarni amalga oshirishga, bir so‘z bilan xalqimizni rozi qilishga safarbar etildi.

2023 yil parlament, xususan Senat uchun ham mas’uliyatli bo‘ldi. Avvalo, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy poydevorini yaratish va mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratildi.

E’tiborga molik jihati, yil davomida ko‘rib chiqilgan jami 91 qonunning deyarli 30 foizi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini takomillashtirishga qaratildi.

Yana bir ustuvor yo‘nalish hisoblangan ijtimoiy himoya va umuman ijtimoiy masalalar bo‘yicha 10 dan ortiq qonunlar ma’qullandi. Qolaversa, bu yo‘nalishda nafaqat qonunlarni ko‘rib chiqish bilan cheklanildi, balki muhim qonunchilik tashabbuslari ham ko‘rsatildi.

Jumladan, Senat tashabbusi bilan jinoyat qonunchiligiga “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” tushunchasi kiritilishiga erishildi. Ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlarga qonunchilikda ko‘zda tutilgan yengilliklar berilmasligi, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, yarashgani munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish kabi choralar qo‘llanmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

 

Norgul Abduraimova,

Nosir Haydarov (rasmlar), O‘zA