Rejissyorlik maktabining ustozi

Atoqli rejissyor Zulfiqor Musoqov yaratgan filmlar voqelikni ortiqcha bo‘yoqlarsiz, bo‘rttirishlarsiz, real aks ettirishi bilan ajralib turadi. Shu sababli kino ustasi tomonidan yaratilgan bir qator filmlar ko‘plab xalqaro festivallarda muvaffaqiyat qozonib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, “Mehnat shuhrati”, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari sohibi, kinorejissyor va ssenarist – Zulfiqor Musoqov 1958 yilning 19 yanvar kuni tug‘ilgan.
1981 yilda u Toshkent teatr va san’at institutining rejissyorlik fakultetini, 1989 yilda – Ssenariychilar va rejissyorlar oliy kurslarini tamomlagan.
Zulfiqor Musoqov “Askarlar ertagi”, “Debyut” (1989), “Abdullajon”, “Bomba”, “Yaratganga shukur”, “Kichkina tabib”, “Dada”, “Oyijon”, “Osmondagi bolalar – 1-2-3”, “Vatan”, “Qo‘rg‘oshin”, “Qovun”, “Xazonrezgi”, “Novda”, “Dadam betob”, “Qaldirg‘och”, “Birinchi bo‘sa”, “Suiqasd”, “Berlin — Oqqo‘rg‘on” kabi filmlari va “Ayol zoti”, “O‘zimizning odam” seriallari bilan mashhur.
Ustoz rejissyorning “Vatan” filmi 2007 yilda Malayziyada o‘tkazilgan 50-xalqaro kinofestivalda “Osiyoning eng ya’shi filmi” nomiansiyasiga da’vorgarlik qilgan. 2011 yilda rejissyor suratga olgan “Qo‘rg‘oshin” badiiy filmi Rossiyada bo‘lib o‘tgan “Kinoshok” xalqaro festivalida qatnashib, “Eng yaxshi kinossenariy” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan.
Zulfiqor Jalolovich Toshkentdagi FOKUS Rejissura Maktabining badiiy rahbaridir (2016). Shuningdek, ustoz rejissyor “Oltin Humo” milliy mukofotining sovrindori sanaladi.
N.Usmonova,
O‘zA