Bosh prokuraturaga chetdan qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va nazorat tizimini yaratish topshirildi

Prezident yig‘ilishda investitsiya sohasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
So‘nggi olti yilda sanoatga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 7 barobar oshdi.
Lekin, kompleks, tarmoq va hudud rahbarlarida har bir dollar investitsiya qancha ish o‘rni yaratgani, qo‘shilgan qiymat va eksport qanchaga oshgani borasida tahlil yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, mamlakatimizda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan. Lekin, mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli.
Yoki so‘nggi uch yilda chetdan 14,2 milliard dollarlik asbob-uskunalar olib kelindi. Lekin, shuncha texnologiya kiritilayotgani bilan hududlarning sanoat eksporti shunga mutanosib oshmagan.
Shuncha mablag‘ hisobiga sanoat va eksport o‘smayapti-mi, demak yo loyiha “shishirilgan”, yo keraksiz uskuna olib kelingan, yoki bu texnologiyalarni ishlatishni biladigan mutaxassis yo‘q, – dedi davlat rahbari.
Bosh prokuraturaga chetdan karra-karra qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va bunga chek qo‘yish bo‘yicha nazorat tizimini yaratish topshirildi.
O‘zA