Tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar O‘zbekistonda erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda

303

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

– Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi deputat Farhod Zayniyev. – Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlandi. Mazkur kafolatni yanada mustahkamlash, qonun hujjatlarida aks ettirish maqsadida qonun loyihasi bilan tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tgan hududidan qat’iy nazar ularning tovarlari, xizmatlari, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi hududida erkin harakatlanishining kafolatlanishi nazarda tutilmoqda. Kiritilayotgan mazkur o‘zgartirishlar tadbirkorlik faoliyatini to‘sqinliksiz amalga oshirishga, mamlakatda biznes muhitini yanada rivojlantirishga, tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlarning bergan takliflari unda aks etgan.

Majlisda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA