Parlament va Hukumatning tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
– Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqib, shuningdek, ma’muriy islohotlar doirasida Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga aylantirildi va uning vakolatlari, vazifa va funksiyalari, faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, – dedi deputat Turg‘unboy Xo‘janazarov. – Qonun loyihasi bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunda vazirlik va uning organlari nomi, vazifa va funksiyalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari hamda Vazirlar Mahkamasining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi, qonun hujjatlari o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etish, davlat organlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Loyihani moddama-modda muhokama qilish davomida deputatlar tomonidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi. Ayrim normalarni konstitutsion normalar bilan uyg‘unlashtirish zarurligi aytildi. Shulardan kelib chiqib, mas’ul qo‘mitada qonun loyihasini yanada takomillashtirishga kelishib olindi.
M.Komilova, O‘zA