Soliq imtiyozlarini berishga qaratilgan qonun loyihasi yanada takomillashtiriladigan bo‘ldi

309

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, xomashyo xaridi, ishlab chiqarilgan mahsulot savdosining katta qismi yashirin tarzda amalga oshirilmoqda va tashkil etilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlari to‘laqonli faoliyat ko‘rsatmayapti, — dedi ma’ruzachi deputat Ruslan Jumamuratov. — Ushbu qonun loyihasi zargarlik sohasini mahalliy sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik sub’ektlarining xomashyoga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, u bilan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berilmoqda. Xususan, loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga qo‘shimcha kiritish orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni qimmatbaho toshlarni homashyo sifatida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan vaqtinchalik ozod qilish nazarda tutilyapti.

Shuningdek, deputat loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida kiritilgan o‘zgarishlar haqida ham aytib o‘tdi. Soliq imtiyozlari ko‘pi bilan 3 yilgacha berilishi inobatga olinib, loyihadagi 2023 yil 1 noyabrdan degan jumla 2024 yil 1 yanvar deb o‘zgartirildi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida deputatlar tomonidan berilgan takliflar, fikr-mulohazalar e’tiborga olingani bilan qiziqdilar. Qonun loyihasidagi ayrim normalar yuzasidan deputatlar tomonidan bir qator fikrlar bildirildi. Shundan kelib chiqib, mas’ul qo‘mita uni yanada takomillashtiradigan bo‘ldi.

 

M.Komilova,  

O‘zA