Parlamentda atmosfera havosini muhofaza qilish masalasi muhokama qilindi

466

O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik ijrosiga doir masalalar muhokama qilindi.

Qo‘shma yig‘ilishda atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

— Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan har bir shaxsning ekologik huquqlari kafolatlab qo‘yildi, — dedi Spiker o‘rinbosari X.G‘afforov. — Shuningdek, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar va Harakatlar strategiyasi talablaridan kelib chiqib tubdan takomillashtirildi. Jumladan, atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning asosiy vazifalari qayta ko‘rib chiqildi, fuqarolarning shu sohadagi huquq va majburiyatlari aniq belgilab berildi. Mazkur qonunning ijrosi doirasida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi standartlar, atmosfera havosi sifati normativlari va boshqa bir qator normativlar ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, oxirgi paytlarda mamlakatimizda, shu jumladan, poytaxt Toshkent shahrida atmosfera havosi sifati yomonlashib, keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Deputatlar bu holatning kelib chiqish sabablari va ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, sanoat tashlanmalarining aniq hisobini yuritish maqsadida “Tarmoq jadvali” asosida atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 44 ta sanoat korxonasida 69 ta avtomat stansiyasi hamda 27 ta turg‘un kuzatish punktlari o‘rnatilgani, 2023 yilda 147 ta sanoat korxonasidagi chang-gazlarni tutib qoluvchi 716 ta uskuna modernizatsiya qilinib, atmosfera havosiga 10 ming tonnadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar tashlanishining oldi olingani ta’kidlandi.

— Atmosfera havosining ifloslanishi yaqin yillarda paydo bo‘lgan muammo emas, balki uning kelib chiqishining bir qancha sabablari bor, — dedi Ekologiya vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti atmosfera havosini muhofaza qilish laboratoriyasi mudiri, texnika fanlari doktori Zikrilla Alimov. — Atmosferadagi PM-2,5 va undan yuqori bo‘lgan zarrachalarni insonga va atrof-muhitga bo‘lgan ta’sirini o‘rganish va ularning manbalarini aniqlash hamda mavjud zararli holatni kamaytirishga oid texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib borilyapti. Tadqiqot ishlari o‘z samarasini beradi, deb umid qilamiz.

Yig‘ilishda atmosfera havosini muhofaza qilishga qaratilgan qonunlarning ijro etilish holatini doimiy o‘rganib borish, bu boradagi parlament nazoratini yanada kuchaytirish, ushbu jarayonda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida aholiga axborot yetkazishning shaffofligini kafolatlash, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni tatbiq etish lozimligi qayd etildi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng deputatlar ishtirokida ishchi guruh tuzish, atmosfera havosiga ta’sir ko‘rsatuvchi ob’ektlar misolida o‘rganishlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA