Yoshlar o‘z huquqlari bilan bog‘liq qonunlar qanday qabul qilinishi bilan tanishtirildi

Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida yoshlar bilan muloqotni yanada faollashtirish maqsadida Senatda uchrashuv tashkil etildi.
“Parlamentda yoshlar o‘rni” loyihasi doirasida Senat binosida o‘tkazilgan uchrashuvda senatorlar va O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zolari iqtidorli yoshlar bilan suhbatlashdi.

Muloqot davomida Senatning asosiy faoliyati, xususan parlament yuqori palatasining vakolatlari, senatorlar faoliyatining huquqiy asoslari, huquq va majburiyatlari, qonunlar ijrosi bo‘yicha parlament nazoratini olib borishning ayrim jihatlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, bugungi kunda dolzarb qonunlarni qabul qilish, davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash, parlament nazoratini olib borish, ijro organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi hisobdorligini oshirish parlament faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari ekani qayd etildi.
Ishtirokchilar Senatning mahalliy Kengashlar va yoshlar bilan hamkorligi, qonunlar muhokamasida hududlar manfaati qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi, yoshlar huquqlari bilan bog‘liq qator savollariga javob oldi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning amaliy va nazariy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha muloqot maydoniga aylandi.
N.Abduraimova,
O‘zA