Konstitutsiyaviy sud vakolatlari kengaytirildi

326

2023 yil 13 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun kuchga kirdi.

– 2023 yilda mamlakatimizda katta siyosiy tadbir – Umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi, – deydi senator Narimon Umarov. – Referendum yakunlariga ko‘ra, xalqimiz xohish-irodasi bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, hech shubhasiz, uzoq yillardan beri xalqimizni qiynab kelayotgan ko‘plab masalalarga yechim beruvchi qoidalar sifatida tarixga muhrlandi. Yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar, o‘z navbatida, amaldagi qonunlarni qaytadan ko‘rib chiqib, tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etdi. Qabul qilingan yangi qonun ham yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan qoidalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.

Xususan, yangilangan Konstitutsiyada Konstitutsiyaviy sudga referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish bo‘yicha yangi vakolat yuklatildi. Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanishi haqidagi norma belgilangan.

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi.

Ya’ni, yangi qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi. Bu borada tuzilmaning ish yuritish tartibi belgilandi.

Konstitutsiyaviy sud faqatgina o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi belgilandi.

Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanishi qonunda mustahkamlandi. (ilgari Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari muddati birinchi marta saylanganida besh yilni, navbatdagi saylanganida o‘n yilni tashkil etgan).

Mazkur qonun Konstitutsiya oliy yuridik kuchga egaligidan kelib chiqib, Konstitutsiya va qonunlarning so‘zsiz ustuvorligi hamda ularning bir xilda amalda bo‘lishining amaliy ifodasidir.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA