Bugun Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida davlat rahbari Qirg‘iziston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning ham mintaqalararo, ham ikki tomonlama faol rivojlanishi dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etgan.
Hamkorimiz “Kabar” axborot agentligi xabar berishicha, Prezident va Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti keng ko‘lamli masalalarni, jumladan, Qirg‘iziston uchun ustuvor loyihalar, investitsiyalar, moliyalashtirish, bank munosabatlari istiqbollari va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.
29-30 yanvar kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan, transport aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan investorlar forumining Qirg‘iziston uchun ahamiyati alohida ta’kidlangan.
Qirg‘iziston Respublikasida inson huquqlari masalasiga to‘xtalar ekan, davlat rahbari faol fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari erkinligi va internetdan foydalanish imkoniyati, onlayn makonda ishonchli axborot tarqatish muhimligini aytgan.
Yevrokomissiya vakili Margaritis Sxinas, o‘z navbatida, Markaziy Osiyodagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholab, Qirg‘iziston bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirgan. U komissiya joriy davrni tarixiy “moment” sifatida ko‘rib, ushbu ijobiy tendensiyalarni faol qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Vitse-prezidentning Qirg‘izistonga tashrifi, asosan, iqlim loyihalari, raqamlashtirish va transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalariga qaratilgan.
Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi vakolatxonasi xabar berishicha, yuqori martabali mehmon ertaga, 16 yanvar kuni O‘zbekistonga ham keladi.
Tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
– Men Markaziy Osiyo davlatlariga amaliy tashrifimni boshlayapman, – dedi Margaritis Sxinas. – Tashrif 29-30 yanvar kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan yirik forum doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu mintaqaga safar Yevropa Ittifoqi va MO o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari kuchayib borayotganidan dalolat.
Eslatib o‘tamiz, diplomat mamlakatimizga oxirgi marta 2021 yil noyabrda kelgandi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA