Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish davlatimiz iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Biznes uchun sharoitlar izchil yaxshilanib bormoqda. Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratiladi. Bu 5 million aholi bandligini ta’minlashda juda muhim o‘rin tutadi. Bu maqsadlar uchun 83 trillion so‘m va 275 million dollar kredit hamda subsidiyalar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Reyting joriy qilinishi tadbirkorlar faoliyati uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘ladi. Buning ahamiyati haqida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida aytilgan edi. Shundan so‘ng mazkur reytingning mezonlari va tartib-tamoyillari ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, to‘lov intizomi, aholi bandligidagi o‘rni va ish haqi kabi 23 ta mezon asosida 4 ta toifaga ajratiladi. Bu soliq, adliya va sud organlari ma’lumotlari asosida shakllanadi. Har bir tadbirkor o‘z o‘rni va bahosini real vaqtda bilib borishi mumkin bo‘ladi.
Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor bo‘ladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kunda va boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov uch kunda qaytarib beriladi. Tovarlarni import qilishda va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bunda kamida 15 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni biryo‘la amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi.
Bunday reyting shuning uchun ham muhimki, endi tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi. Kelgusida subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar reytingdan kelib chiqib beriladi. Ko‘rsatkichi past bo‘lganlar intizomli tadbirkorlar safiga kirish va ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lish uchun harakat qiladi.
Yana bir tomoni, bu reyting tadbirkorlarga o‘z hamkorlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot beruvchi himoya tizimiga aylanadi. Ya’ni, shubhali shartnomalar va insofsiz raqobatga chek qo‘yilib, “yashirin” iqtisodiyot qisqaradi.
Davlatimiz rahbari bu tizimni puxta ishlab chiqib, adolatli va samarali yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
– Tadbirkorlarning takliflari asosida biznes uchun sharoitlarni tobora yaxshilab boryapmiz. Yaqinda qabul qilingan qarorlar bilan 16 ta litsenziya va 34 turdagi hisobotni bekor qildik. Tadbirkorlar sinfi jamiyatda yetakchi kuchga aylanmoqda, yoshlar ularga qarab intilmoqda. Endi ushbu reyting orqali tadbirkorlar o‘rtasida qonunlarga itoat qilish, intizomli va harakatchan bo‘lishni rag‘batlantirish zarur. Buni joriy qilish va samaradorligini ta’minlashda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashining o‘rni katta bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” platformasi 1 martga qadar ishga tushirilishi belgilab olindi. Savdo-sanoat palatasi tomonidan joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, reyting imkoniyatlarini tushuntirish ishlari olib boriladi. Subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ajratishning shaffof tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Reytingi past tadbirkorlar bilan manzilli ishlab, faoliyatini jonlantirish va tiklashga yordam berish muhimligi qayd etildi.