Huquqiy munosabat

So‘nggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5 million 500 ming nafarga o‘sib, 36 milliondan oshdi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida yangi turar joylar qurilmoqda.

Jumladan, o‘tgan yili 60 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. 31 ta hududda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlandi. Xo‘sh, agar quruvchi tomonidan xonadon vaqtida topshirilmasa kimga murojaat qilish kerak? Bu haqda “BUSINESS LAWYERS GROUP“ advokatlik firmasi advokati Muhriddin Shamsiddinov batafsil ma’lumot berdi.

– Davlatimiz rahbarining 2020 yil 27 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi nizomning 41-bandiga ko‘ra, quyidagi holatlarda qurilish majmuasi vakolatli davlat organi tomonidan muammoli ob’ektlar toifasiga kiritiladi.

Xususan, qurilish va shaharsozlik norma va qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi, qurilish ob’ektlarini foydalanishga topshirish muddati asossiz ravishda olti oydan ortiq muddatga kechikishi, quruvchi tomonidan ulushdorlarga qurilish ob’ektlarini topshirish majburiyati buzilishi yoki uni bankrot deb topilishi.

Nizomning 42-bandiga asosan muammoli ob’ekt bo‘yicha materiallar vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA