Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir” mavzusida talaba yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.

Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, Nukus shahar Kengashi deputatlari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy veteranlar Kengashi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Azaldan harbiylik mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli kasb sifatida sanalib kelingan. Mashaqqati shundaki, vatanimizning tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha mas’uliyat harbiylarimiz zimmasiga tushadi. Ular kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, qahraton sovuqqa ham, jazirama issiqqa ham bardosh berib, vatanimiz tinchligini, uning sarhadlarini qo‘riqlab kelishmoqda.

Uchrashuvda davlatimiz tomonidan Milliy armiyamizga qaratilayotgan e’tibor, mamlakatimiz barqarorligi va xavfsizligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishda, Ona vatanimizning tinchligi hamda xalqimizning farovon hayot kechirishini ta’minlashda milliy armiyamizning tutgan o‘rni katta ekanligi qayd etildi. Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik bardavom bo‘lsa, sarhadlarimiz daxlsizligi ta’minlansagina, barcha jabhalarda o‘sish, rivojlanish bo‘ladi, orzularimiz ro‘yobga chiqadi. Shu ma’noda, yurtimiz posbonlarining mas’uliyatli xizmatini har qancha e’tirof etsak, sharaflasak, arziydi.

Bayram munosabati bilan veteran harbiylarga partiya tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.