Yangi davrda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik

Poytaxtimizda shu mavzuda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi bilan hamkorlikda gibrid shaklda o‘tkazildi.
Joriy yilda kutilayotgan ikki tomonlama muhim tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston va Xitoyning siyosiy-diplomatik doira vakillari, yetakchi tahlil markazlari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov va Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun 30 yildan ortiq vaqt davomida ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgani va bu hamkorlik ko‘lami yil sayin kengayib borayotganini alohida ta’kidladilar.
Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samarasi har ikki davlat uchun ham manfaatli bo‘lmoqda.
Bunga oliy darajadagi qizg‘in siyosiy muloqot, shuningdek, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona va ishonchli munosabatlar yordam bermoqda. Xususan, 2017 yildan buyon davlat rahbarlari o‘rtasida 3 ta telefon muloqoti va 8 ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. XXR raisi Si Szinpin 2022 yilda O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan. O‘z navbatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017, 2019, 2022, 2023 yillarda Xitoyda bo‘lgan.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, 2022 va 2023 yillarda amalga oshirilgan o‘zaro davlat tashriflari natijasida umumiy qiymati 40 milliard dollardan ortiq bo‘lgan savdo shartnomalari va investitsiya kelishuvlarini amalga oshirish bo‘yicha 60 ga yaqin hujjat imzolandi va kelishuvlarga erishildi.
Bugungi kunda davlat rahbarlari darajasidagi “Markaziy Osiyo – XXR” formati Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari uchun yangi platformaga aylandi.
Davlatimiz rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumlarida shu paytgacha uch marta ishtirok etib, Ipak yo‘li iqtisodiy kamari «Yashil ipak yo‘li» tashabbusini ilgari surgan edi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik barqaror o‘sish sur’atlarida namoyon bo‘layotganini ta’kidladilar.
– Bugungi konferensiya juda muhim va ahamiyatlidir, – deydi elchi Yuy Szyun. – O‘tgan yil davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari juda yuqori pog‘onalarga ko‘tarildi deyish mumkin. Xitoy O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkori va iqtisodiyotining yirik investoriga aylandi. 2022 yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 9 milliard dollarni tashkil etdi va 2017 yilga nisbatan qariyb 2 barobar oshdi. 2023 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 34 foizga oshib 12 milliard dollardan oshdi. Mamlakatingizga kiritilgan Xitoy sarmoyasining umumiy hajmi 5 barobar oshib, qariyb 11 milliard dollarni, Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa 3 barobarga ko‘paydi.
Konferensiya davomida ekspertlar ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, xitoylik investor uchun yaratilayotgan sharoitlar, yashil energetika, neft-gaz, kimyo, IT-sanoati, gidroenergetika, yengil sanoat, avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalardagi hamkorlik aloqalari haqida so‘z yuritishdi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining yana bir istiqbolli yo‘nalishi – raqamli rivojlanishga ham alohida e’tibor qaratildi. XXRning bu boradagi boy tajribasi va yutuqlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Xitoy bilan raqamlashtirish, elektron tijorat, aqlli qishloq xo‘jaligi va yashil iqtisodiyot sohalari bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishdan manfaatdor.
Yig‘ilish yakunida konferensiya ishtirokchilari O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari rivojida o‘sish sur’atlari davom etishi kerakligini va ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarish muhimligini alohida qayd etishdi.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA