Tibbiyot va ta’lim sohasidagi o‘zgarishlarda senatorlar muhim o‘rin tutmoqda

Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. Shuningdek, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilishiga doir qonunlar qabul qilindi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi mazkur qonunlar qabul qilinishida mas’ul bo‘ldi. Bu qonunlar Senat tomonidan ma’qullanishi tibbiyot va pedagog xodimlarning o‘z xizmat vazifalarini bajarishi jarayonida turli xil aralashuvlar, to‘sqinliklarning kamayishiga xizmat qilmoqda.
Mazkur qo‘mitaning 2023 yildagi faoliyati muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida shu haqda so‘z yuritildi.
Qo‘mita nazorat-tahlil faoliyatida qator o‘rganishlar o‘tkazdi. Xususan, oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinika va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish holati o‘rganilib, bunda “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan normalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘mita a’zolari o‘tgan yilda fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida qonunchilikni mustahkamlash, aholining ijtimoiy muammolarini hal etish, faoliyat yo‘nalishiga oid qonunlar ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Qo‘mita tomonidan 2023 yilda 15 ta majlisda 25 ta masala ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida 2022/2023 o‘quv yili davomida maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berish tizimini o‘rganish natijalari ham qo‘mita majlisida qizg‘in muhokama qilindi.
Oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga yaratilayotgan sharoitlar o‘rganilib, Senat kengashiga tahliliy ma’lumot kiritildi.
“Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirishga doir “Yo‘l xaritasi” ijrosi qo‘mitaning doimiy nazoratida bo‘ldi. “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar yechimiga Hukumat, mas’ul vazirlik va idoralar e’tibori qaratildi hamda masalalarni hal etish choralari ko‘rildi.
Bundan tashqari, aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha Senat yalpi majlisida muammoli masalalar ko‘tarilib, ularning yechimi borasida ish olib borildi.
Jumladan, Andijon viloyati Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli jarrohlik bo‘limi binosini ta’mirlash masalasiga mutasaddilar e’tibor qaratishi so‘raldi. Mazkur tibbiyot birlashmasini ta’mirlash 2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritildi.
O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hududiy bo‘linmalari vakillariga qurilish ob’ektlarini qabul qilish bo‘yicha maxsus elektron platformadan foydalanish imkoniyati cheklab qo‘yilgani haqida murojaat qilingan edi. Mazkur masala Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ijobiy hal etildi.
O‘tgan yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 3 ming 454 murojaat, shundan 1 ming 909 murojaat Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Joylarda esa 2,1 mingdan ziyod fuqaro qabul qilindi.
Hududlar va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida mutasaddilarga 28 senator so‘rovi yuborildi.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga homiylik yordamlari ajratilishiga ko‘maklashildi.
N.Abduraimova, O‘zA