“Dok-1 maks ishi”: sudlanuvchilarga qiynoqlar qo‘llanilganmi?

389

Toshkent shahar sudida davom etayotgan “Dok – 1 maks ishi” bilan bog‘liq sud jarayonida advokatlar sudlov hay’atiga sudlanuvchilardan biriga tergov davomida qiynoqlar qo‘llanilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil kuz oylarida Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 maks” va boshqa dori vositalarining tekshirilmagan bir qismi dorixonalarga chiqib ketishi ortidan 68 nafar go‘dak vafot etgan edi.

“Dok-1 maks ishi” doirasida 23 nafar shaxs sud oldida javob bermoqda.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raislik qilayotgan sud jarayonida advokatlardan biri sudlanuvchi S.K.ga nisbatan tergov paytida qiynoqlarga yo‘l qo‘yilganini, bunga qonuniy baho berilishini so‘rab sudga iltimosnoma kiritdi.

Mazkur iltimosnoma ko‘pchilik advokatlar va sudlanuvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, ayrimlari esa unga baho berilishini sudga havola qildi.

Sud hay’ati iltimosnomani muhokama qilish uchun maslahatxonaga kirib chiqdi.

Shundan keyin sudya Muso Yusupov iltimosnoma ko‘rib chiqib, ajrim chiqarilgani, ya’ni advokat Rahmatovning iltimosnomasi qanoatlantirilishini ma’lum qildi.

Ajrimda sudlanuvchi K.S.ning sog‘ligi holati yuzasidan komissiyaviy sud-ekspertizasi tayinlanishi belgilandi. Ekspertiza o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali ekspertlari zimmasiga yuklatildi.

Ekspertiza o‘tkazishda komissiya a’zolari tarkibiga yetakchi ekspert sifatida Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali ekspertlari, komissiya a’zolari sifatida Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan mutaxassislar – shifokor-travmatolog, neyrojarroh va boshqa shifokorlar biriktirilishi ajrimda aks ettirilgan.

Sudlanuvchiga nisbatan tergov payti qiynoq qo‘llanilganmi yoki yo‘qmi? Bunga ekspertiza xulosalari asosida javob topiladi.

Sud jarayoni davom etmoqda.

P.S: Sud ishiga oid materiallarda, ya’ni mazkur matnda hamda videoda aybsizlik prezumpsiyasi talabidan kelib chiqib, sudlanuvchilarning ismi va familiyasi ochiq keltirilmadi.

Norgul Abduraimova,

Doniyor Yoqubov (video), O‘zA muxbiri