Avtotransportlarning ko‘chma vazn o‘lchov vositalari faoliyati takomillashmoqda

457

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida avtotransportlarning ko‘chma vazn o‘lchov vositalari faoliyatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Mavjud qonunchilikka ko‘ra, avtotransport vositalarining ruxsat etilgan massasi yakka avtotransport vositalari uchun ikki o‘qliga – 18 tonna, uch o‘qliga – 26 tonna, to‘rt o‘qliga – 32 tonna, mingashmali va tirkamali avtopoyezdlar uchun uch o‘qliga – 28 tonna, to‘rt o‘qliga – 36 tonna, besh o‘qliga –40 tonna hamda olti va undan ortiq o‘qliga – 44 tonna qilib belgilangan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi hududida kelishilgan aniq yo‘nalish bo‘yicha og‘ir vaznli yuklarni tashish bo‘yicha avtomobil yo‘liga egalik qiluvchi yuridik shaxs tomonidan bir martali yoki ko‘p martali tashuv uchun beriladigan maxsus ruxsatnoma asosida harakatlanishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, respublika avtomobil yo‘llarida yuk avtomobillarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, qo‘mitaning barcha hududiy boshqarmalari tomonidan avtotransport vositalarining vazn parametrlarini o‘lchovchi statsionar va ko‘chma o‘lchov vositalari harid qilingan. Mazkur punktlar faoliyatini to‘liq tashkil etish borasida zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozimki, bugungi kunda umumiy massasi (yuk bilan) 44 tonnadan ortiq bo‘lgan “N3” va “O4” toifadagi maxsus transport vositalari hamda ochiq konlarda (karer) ishlovchi samosvallarni alohida davlat raqami, texnik pasportini va yagona elektron tizimida ro‘yxatga olish amaliyoti joriy etilgan.

Shuningdek, mahalliy yuk tashuvchilarga me’yordan ortiq og‘ir vaznli va katta hajmli transport vositalarining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishiga to‘lovlarni amalga oshirgan holda ruxsat beriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA