Davlatimiz rahbari tomonidan “2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingani aholi, xususan, yoshlarning tadbirkorlik tashabbusi va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yangi bosqich boshlanganini anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan biznes rivojiga doir yangicha mexanizmlar va moliyaviy instrumentlar joriy etilmoqda. Bunda hududlardagi hokim yordamchilarining samarali faoliyati muhim o‘rin tutadi.

Shu kunlarda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va bir qator manfaatdor idoralar hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman shaharlarida hokim yordamchilari uchun o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Tadbirlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul xodimi N.Mardonov, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi vakillari ma’ruza va taqdimotlar bilan ishtirok etmoqda.

Bugungacha o‘quv seminarlari Qonliko‘l, Shumanoy, Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Xo‘jayli, Taxiatosh, Nukus va Amudaryo tumanlari hamda Nukus shaharlarida o‘tkazildi.

Seminarlar davomida “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturining mazmun-mohiyati, uni amalga oshirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, belgilangan vazifalar ijrosi kabi muhim yo‘nalishlar haqida tushuntirishlar berildi.

O‘quv kurslarida ishtirok etayotgan hokim yordamchilari kichik tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy va konsultativ ko‘maklashish dastaklaridan to‘la xabardor qilinmoqda.

Olingan bilim va ko‘nikmalar Dasturni amalga oshirishda muhim bo‘g‘inlardan biri bo‘lgan hokim yordamchilarining faoliyati samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.

Bank axborot xizmati

Reklama huquqiy asosida

O‘zA