So‘nggi vaqtlarda yoshlar orasida sintetik narkotik moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining iste’moli tobora ommalashib bormoqda.

Lekin, bunday vositalarni muntazam iste’mol qilish inson organizmiga salbiy ta’sir qilishi shubhasiz.

Shu va shu kabi boshqa salbiy holatlarning oldini olish maqsadida respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda.

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida Toshkent shahrida yashirin faoliyat olib borgan narkolaboratoriya fosh etildi.

Jumladan, 1986 va 1988 yillarda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli bo‘lgan 2 nafar shaxs logistika faoliyati bilan shug‘ullanish niqobi ostida Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishgan.

Ko‘zdan kechirish jarayonida xonadonda jami 56 ta o‘ramda 26 kg.ga yaqin “Mefedron” giyohvandlik vositasi, sintetik narkotik tayyorlashda foydalaniladigan 400 kg.dan ortiq suyuqlik va kukun ko‘rinishidagi kimyoviy moddalar hamda xom-ashyolar, zarur asbob-uskunalar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, giyohvandlik vositalari tayyorlashda foydalaniladigan asbob-uskunalar, xom-ashyo va prekursorlar xorijdan keltirilganligi va tayyorlangan narkotik moddalarning savdosi Internet tarmog‘i orqali amalga oshirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Tadbir davomida olingan narkotik moddalar taxminan 80 ming “doza”ni tashkil qilishi va qora bozordagi qiymati 900 ming AQSH dollariga tengligi, shuningdek, narkolaboratoriyada saqlanayotgan 400 kg.dan ortiq kimyoviy moddalar va xom-ashyolar yordamida 50 kg.ga yaqin “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ishlab chiqarish mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Narkolaboratoriya aniqlanganligi holati yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, DXX Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

O‘zA