AQSH Kongressi Ukrainaga yangi yordam bo‘yicha kelishib olishdan bosh tortgach, Bayden ma’muriyati Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlarining bir qismini Ukraina foydasiga musodara qilishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi “Bloomberg”.
Nashrning xabar berishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan. Ukrainaning tiklanishini qo‘llab-quvvatlash uchun kerak bo‘ladigan taxminan 300 milliard dollarlik Rossiya mablag‘lari muzlatilgan. Hozirgi ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi esa bu mablag‘larni Ukraina foydasiga musodara qilish uchun zarur bo‘lgan vakolatlarni beradi. Bilamizki, Kongressdagi respublikachilar Kiyevga keyingi yordam uchun 60 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratilishini to‘sib qo‘yganidan keyin Bayden Rossiya aktivlarining musodara qilinishini qo‘llab-quvvatlashdan boshqa iloji qolmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uyning bu borada xavotirlari ham yo‘q emas. Masalan, Rossiya aktivlarining musodara qilinishi AQSH moliya tizimining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, Vashington bu qadamni G7 ittifoqchilari bilan, xususan, yevropaliklar bilan muvofiqlashtirish niyatida, chunki Rossiya Federatsiyasi muzlatilgan aktivlarining umumiy miqdorining taxminan 200 milliard dollari YeI mamlakatlarida joylashgan.
Shunday qilib, G‘arb Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga o‘tkazish yo‘llarini qidirmoqda. 2023 yilning yozida YeI ishchi guruhi Rossiya aktivlarini musodara qilishning qonuniy yo‘li yo‘q, degan xulosaga kelgan edi. Shundan so‘ng, YeI muzlatilgan mablag‘larni qayta investitsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganishga e’tibor qaratdi.