O‘zbekiston 2024 yil sayohat qilishga arziydigan mamlakatlar qatoriga kiritildi.

Hindistonning nufuzli telekanallaridan biri – “NDTV” xorijiy sayyohlarni 2024 yilda  O‘zbekistonga tashrif buyurishga chaqirdi.

Telekanalning rasmiy saytida e’lon qilingan maqolada joriy yil ko‘ngildagidek sayohat yo‘nalishlarini izlayotganlarga madaniy boylik, tabiiy go‘zallik va noyob taassurotlarni jamlagan mamlakatlarni tanlash maqsadga muvofiq ekanligi tavsiya etilgan.

Muallif mazkur yo‘nalishlar sirasiga Buyuk ipak yo‘li merosiga boy O‘zbekistonni kiritib, yurtimizga kelib, tarix sahifalariga sayohat qilish zarurligini yozgan.

– Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarni kashf eting. Ushbu maskanlardagi betakror me’morchilik namunalari va gavjum bozorlar bir paytlar karvonlar orqali savdo-sotiq qilingan davrlarni eslatadi, – deyiladi “NDTV” saytida.

Maqolada, shuningdek, mamlakatimizda qad rostlab turgan me’moriy mo‘’jizalar odamlarni hayratga solishi ta’kidlangan.

B.XUDOYBERDIEV, O‘zA