“O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash, o‘qitish va rivojlantirish kompleks markazini qurish orqali maktabgacha ta’lim pedagog kadrlari salohiyatini oshirish loyihasi” doirasida maktabgacha ta’lim tizimi pedagog kadrlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslariga start berildi.

Ikki hafta mobaynida master-trenerlar va koreyalik mutaxassislar ishtirokida 35 nafar soha xodimlari maxsus dastur asosida o‘qitiladi.

Mazkur o‘quv kurslari dasturi maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagog-kadrlari o‘rtasida anketa-so‘rovlar o‘tkazilib,  xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda mehnat faoliyatida kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishdagi muammolar o‘rganilib, tahlil qilinib, so‘ngra ishlab chiqildi.

Dastur o‘yin orqali ta’lim olish, bola shaxsiga yo‘naltirilgan maktabgacha ta’lim o‘quv dasturining ta’lim va tarbiyaviy ahamiyatini tushunish; pedagoglarda o‘quv dasturlar asosida ta’lim-tarbiya jarayonini olib borish qobiliyatini kuchaytirish; tarbiyalanuvchilar bilan muloqot qilish qobiliyatini yaxshilash; maktabgacha ta’limda ota-onalar va jamiyatning faolligini oshirish singari mavzulardan iborat.

Ikki bosqichda amalga oshiriladigan o‘quv kurslarining ikkinchi bosqichida tayyorlangan trenerlar o‘zlari faoliyat olib borayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarini jalb etgan holda o‘qitadi.

M.Qosimova, O‘zA