AQSH Tayvanda saylov bo‘lib o‘tgandan keyin orolga delegatsiya jo‘natishni rejalashtirmoqda, biroq safar muddati hamda delegatsiya tarkibiga hozircha aniqlik kiritilmagan, deyiladi Oq uy ma’muriyatining yuqori lavozimli vakili tarqatgan bayonotda.

“Biz saylovdan keyin norasmiy delegatsiyamizni jo‘natmoqchimiz. Delegatsiya qachon jo‘natilishi va uning ishtirokchilari haqida hozircha ma’lumot berolmaymiz”, – degan u saylovga bag‘ishlab o‘tkazilgan maxsus brifingda.

Oq uy vakilining qo‘shimcha qilishicha, mazkur safar bo‘yicha qator masalalar yuzasidan hali bir qarorga kelinmagan.

XXRning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pen’yuy “RIA Novosti”ga bergan intervyusida AQSH Tayvan bilan rasmiy aloqalarga chek qo‘yishi hamda orolning Xitoydan mustaqil bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashga ishoralarni bas qilishi kerak, degan edi. Bundan tashqari, elchixona vakili Vashingtonni Tayvandagi saylovlarga umuman aralashmaslikka chaqirgan.

13 yanvar kuni Tayvan ma’muriyati rahbari hamda uning o‘rinbosari uchun saylovlar bo‘lib o‘tadi. Tayvan atrofidagi siyosiy vaziyat AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining 2022 yil avgustda orolga tashrif buyurganidan keyin keskinlashdi. O‘shanda Xitoy Pelosining tashrifini qoralagan edi va AQSH Tayvan ayirmachiligini qo‘llab-quvvatlayapti deb keng ko‘lamli harbiy mashqlar boshlagan.