Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tomonidan O‘zbekiston yoshlarini IT sohasida Yaponiya IT universitetlarining ilg‘or dasturlari asosida o‘qitish, iqtidorli yoshlarni ushbu sohada Yaponiyada maoshi yuqori bo‘lgan ishlarga joylash maqsadida qator kelishuvlarga erishildi.

Yaponiya va O‘zbekistonning turli sohalardagi ilg‘or kompaniyalari, oliy ta’lim muassasalari hamda tadqiqot institutlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Yaponiya” biznes forumi doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tomonidan O‘zbekistonda IT  sohasi istiqbollari, investitsion jozibadorlik hamda yoshlarni IT  ta’limga o‘qitish mavzusida taqdimot o‘tkazildi.

Unda   sohani rivojlantirish bo‘yicha quyidagi kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Vazirlik va  “CAL Co., Ltd” kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda IT  ta’limni rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni Yaponiyada  IT sohasida ish bilan ta’minlash yo‘nalishida Anglashuv Memorandumi;

“Digital Knowledge Co., Ltd” kompaniyasi hamda “Japan Digital University” universiteti bilan O‘zbekistonda generativ sun’iy intellektdan foydalangan holda Yaponiyaning ta’lim texnologiyalarini joriy etish yo‘nalishida uch tomonlama  Niyat Memorandumi;

Yaponiyaning Kompyuterlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik markazi  o‘rtasida Yaponiyaning  IT kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi va o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida Raqamli hamkorlik aloqa qo‘mitasini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Niyat Memorandumi imzolandi.

Erishilgan hamkorlik natijasida O‘zbekiston yoshlari Yaponiyaning yuqori sifatli oliy ta’lim dasturlari asosida O‘zbekiston va Yaponiyada tahsil olish, Yaponiyaning IT  kompaniyalarida amaliyot o‘tash va  IT mutaxassisi sifatida Yaponiyada yuqori maoshli ish o‘rinlarini egallashga muvaffaq bo‘lishadi.

 

N. Rahmonova, O‘zA