Butunjahon antidoping agentligi (WADA) sportchilarni, ularni qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarni va barcha manfaatdor tomonlarni 2024 yilgi asosiy o‘zgarishlardan biri bo‘lgan “Tramadol”ga alohida ahamiyat berishga chaqiradi.

WADA manfaatdor tomonlarga joriy yil 1 yanvardan boshlab 2024 yilgi taqiqlangan moddalar va usullar ro‘yxati hamda 2024 yilgi monitoring dasturining kuchga kirishini eslatib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, 2024 yilgi taqiqlangan ro‘yxat WADA Ijroiya qo‘mitasi tomonidan 2023 yil 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida tasdiqlangan va birinchi marta 2023 yilning 28 sentyabr kuni e’lon qilingandi.

Ro‘yxat Butunjahon antidoping kodeksini imzolagan barcha mamlakatlar uchun majburiy bo‘lgan sakkizta xalqaro standartlardan biri bo‘lib, unda musobaqa va musobaqadan tashqari davrlarda qanday moddalar va usullar taqiqlangani va qaysi moddalar alohida sport turlarida taqiqlangani ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilgi taqiqlangan ro‘yxatga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar e’lon qilingan edi.

Ta’kidlash kerakki, ro‘yxatdagi taqiqlangan modda yoki usuldan qonuniy tibbiy sababga ega bo‘lgan sportchilar istisno tarzida terapevtik maqsadlarda foydalanishlari mumkin. Buning uchun sportchi va uning shifokori tomonidan terapevtik istisno (TI)lar xalqaro standartida ko‘rsatilgan mezonlarga javob beradigan ariza yuborish talab etiladi. TI dasturi elit sportning qat’iy va zaruriy qismi bo‘lib, unga sportchilar, shifokorlar va antidopingga qarshi manfaatdor tomonlar tomonidan yuborilgan maxsus ariza shaklini ko‘rib chiqish orqali ruxsat beriladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston milliy antidoping agentligi WADA tomonidan e’lon qilingan ro‘yxat asosida mamlakatimiz sportchi va murabbiylarini “Parij-2024” Olimpiadasi oldidan o‘tkaziladigan saralash musobaqalari, chempionatlar, turnirlar jarayonida o‘tadigan o‘quv-mashg‘ulotlarda, kundalik hayot tarzida qabul qilinadigan dori-darmonlarga e’tiborli bo‘lishni eslatib o‘tdi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA