FOTOREPORTAJ
Keyingi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini oshirish, munosib turmush sharoitini yaratish, aholini rozi qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish borasidagi manzilli ishlar o‘z natijasini bermoqda. Bu borada qabul qilingan qator qarorlar asosida hudud infratuzilmasini yaxshilash, mahallalarni obod qilish, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalari uchun yoshlarga qo‘shimcha kvotalar ajratish kabi ishlar bajarilmoqda.
Xususan, Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 31 yilligi arafasida Nukus shahridagi “Gone qala” mahalla fuqarolar yig‘inida foydalanishga topshirilgan 10 ta ko‘p qavatli turar joy binosi ham ana shunday chora-tadbirlarning amaliy namunasi bo‘ldi.
Har biri 42 xonadondan iborat 10 ta ko‘p qavatli turar joy binosining qurilishi uchun tijorat banklari tomonidan 96,2 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Ushbu turar joylardan 20 ta xonadon ko‘zi ojiz va imkoniyati cheklangan fuqarolarga topshirildi.
Amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar yurtimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, odamlarning o‘z orzu-niyatlariga mos ravishda hayot kechirishiga zamin yaratmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA