Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “GALLUP” tadqiqot va konsalting tashkiloti tomonidan jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida tayyorlanayotgan yillik Jahon so‘rovnomasi (Gallup World Poll) bo‘yicha hisobotini tahlil qildi.

“Gallup” 2005 yildan beri har yili 160 mamlakat o‘rtasida (har bir davlatdan 1000 kishi) dunyo bo‘ylab so‘rov o‘tkazib kelmoqda, bu 15 yoshdan oshgan dunyo aholisining 98 foizini tashkil qiladi.

So‘rovnoma 100 savoldan iborat va quyidagi indekslarni o‘z ichiga oladi:

– Qonun va tartib;

– Oziq-ovqat va uy-joy;

– Institutlar va infratuzilma;

– Yaxshi ish o‘rinlari;

– Farovonlik.

“Gallup” ushbu hisobotida O‘zbekistonni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Belarus, Moldova, Ukraina bilan taqqoslab boradi.

2022 yilda farovonlik indeksi (0 dan 10 ballgacha) 6,0 ballni tashkil etdi, ushbu indeksning mintaqadagi o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 5,7 ballga teng. Shunday qilib, O‘zbekiston yuqoridagi mamlakatlar orasida eng yaxshi natijalardan birini ko‘rsatgan.

2022 yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 39 foizi hozirgi kunda o‘z farovonligi oshib borayotganini ta’kidlagan. Bu mintaqaviy o‘rtacha 30 foizdan sezilarli darajada yuqori.

Hayotdan qoniqishni aniqlash uchun “Hayot zinapoyasi” deb nomlangan so‘rov natijalaridan foydalaniladi. Respondentlardan 0 dan 10 gacha zinapoyaning qaysi pog‘onasida ekani so‘raladi, bu yerda 0-pog‘ona eng yomon hayotni, 10-pog‘ona esa eng yaxshi hayotni anglatadi.

O‘zbekiston aholisining atigi 2 foizi o‘z hayotlarida qiyinchiliklarga duch kelayotganini qayd etgan. Bu mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkichdan 6 foizga past.

O‘zbekiston farovonlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha mintaqa mamlakatlari orasida eng yaxshi natijani ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, “Gallup” baholashlariga ko‘ra, pandemiya davridan so‘ng aholining farovonligi eng tez tiklangan mamlakatlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekistonliklar kelgusi 5 yildagi farovonligini 8,7 ball deb baholagan. Xususan, kelajakdagi farovonligini kutish borasida O‘zbekiston mintaqada eng yaxshi natijani ko‘rsatgan, mintaqaning o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 7,4 ballni tashkil etgan.

Respondentlarning 86 foizi hozirgi paytda turmush darajasi yaxshilanayotganini bildirgan va ushbu ko‘rsatkichning mintaqadagi o‘rtacha darajasi 40 foizni tashkil etgan.

So‘rovda qatnashgan O‘zbekiston aholisining 80 foizi hozirgi moliyaviy holatidan qoniqayotganini bildirdi. Bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, mintaqa uchun o‘rtacha ko‘rsatkich 60 foizni tashkil etgan.

O‘zbekistonliklarning 44 foizi joriy daromadlarida yaxshi hayot kechirayotganlarini bildirgan.

O‘zbekistondagi ishchilarning 34 foizi o‘z ishidan qoniqishini bildirgan. Bu esa o‘z navbatida, mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, mintaqa uchun o‘rtacha 27 foizni tashkil etgan.

“GALLUP” tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ish joylaridan ko‘ngli to‘lmaydigan ishchilar global iqtisodiyotga 8,8 trln. dollar yoki jahon YAIMning 9 foiz miqdoridagi xarajatlarni keltirib chiqaradi.

O‘zbekistondagi ishchilarning 15 foizi o‘z ish joylarida stressga tushishlari mumkinligini ta’kidlagan.

2020 yildan beri hozirgi davrda ish topishning eng yaxshi payti deb hisoblaydiganlarning ulushi 17 foizga oshgan va 2022 yilda so‘rovda qatnashganlarning 63 foizi buni qayd etgan. Bu esa o‘z navbatida, mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich, o‘rtacha ko‘rsatkich esa 38 foizni tashkil etgan.

Ikki yil davomida o‘zbekistonliklarning mamlakat iqtisodiyotini yaxshilanayotganiga ishonchi 7 foizga oshib, 82 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich mintaqada o‘rtacha 51 foizni tashkil etgan.

2022 yilda o‘zbekistonliklarning 92 foizi mamlakat hukumatiga ishonishlarini bildirgan. Bu mintaqa mamlakatlari orasida eng yaxshi natijalardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda sud tizimi faoliyatiga ishonuvchilarning ulushi ikki yil ichida 10 foizga oshgan va 2022 yilda 74 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich mintaqada o‘rtacha 45 foiz bo‘lib, sezilarli darajada past.

Mintaqa aholisining o‘rtacha 55 foizi moliya institutlari va banklarga ishonishlarini ta’kidlagan bo‘lsa, o‘zbekistonliklarning 82 foizi bank-moliya tizimiga “juda katta” ishonch bildirgan.

O‘zbekistonliklarning 94 foizi bolalar va yoshlarga “katta” e’tibor qaratilmoqda deb ta’kidlagan. O‘zbekiston aholisining 93 foizi mamlakatda bilim olish va o‘sish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini bildirgan. Mintaqadagi bu ko‘rsatkich 68 foizni tashkil etgan.

M.Qosimova tayyorladi, O‘zA