Biznes-ombudsman tadbirkorlik faoliyatidagi qonun buzilishlar xususida ma’lumot berdi

412

AOKAda Biznes-ombudsman tomonidan “Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar” mavzuida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda Biznes-ombudsman devoni axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova o‘tgan yil davomida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida Biznes-ombudsman tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha quyidagi ma’lumotlarni berdi.

Qayd etilishicha, 2023 yilda Biznes-ombudsmanga jami 18 ming 168 ta murojaat kelib tushgan. Biznes-ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar xususiyatlari bo‘yicha tahlil etilganda ularning 19 foizi soliqqa oid, 14 foizi sud qarori va ijrosiga oid, 13 foizi yer, kadastr va arxitekturaga oid, 12 foizi bank, kreditga oid, 8 foizi infratuzilma va boshqa masalalarga oiddir.

O‘tgan davr mobaynida “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida tadbirkorlarga 19,6 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratilishi, 10,3 milliard so‘m miqdorida asossiz to‘langan soliq summalari qaytarilishi, 3,7 milliard so‘m pul mablag‘i undirilishida yordam ko‘rsatilgan.

Joriy yilda tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar qonuniyligi monitoring qilinganda 19 ta nazorat organi tomonidan 5 ming 34 ta noqonuniy tekshiruv o‘tkazilgani, 21 ta nazorat organi tomonidan 14 ming 533 ta holatda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilgani aniqlangan.

Qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 1 ming 303 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 70 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llanilgan.

O‘tgan 2023 yilda, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunchilik ijrosi bo‘yicha 8 ta nazorat organida o‘rganish o‘tkazilgan.

O‘rganishda 7 ming 328 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 9 ta taqdimnoma, 1 ming 140 nafar mansabdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 68 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.

O‘tgan 2023 yilda Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida jami 3 387 ta ta’sir chorasi, shundan 33,5 milliard so‘mlik 122 ta da’vo arizasi, shikoyat, 113 ta taqdimnoma, 49 ta xulosa, 23 ta ogohnoma va 3 ming 88 ta ma’muriy chora qo‘llanilgan.

Natijada, sudlar tomonidan 21,4 milliard so‘mlik da’vo tadbirkorlar foydasiga hal etilgan va 79,6 milliard so‘mlik hisoblangan qarzdorlik bekor qilingan, 16 ta qaror haqiqiy emas, deb topilgan.

Shuningdek, kiritilgan taqdimnomalar asosida 140 nafar mas’ul shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA