1 apreldan QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinadi

Ma’lumki, 2023 yilning 28 dekabrida “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ushbu qonunga ko‘ra, 2024 yilda QQS stavkasi 12 foiz miqdorida saqlanib qoldi. Endi nafaqat O‘zbekiston hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari, balki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston deb e’tirof etilgan chet davlatning qonunchiligiga muvofiq tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar ham QQS to‘lovchisi hisoblanadi.
Joriy yilning 1 aprelidan QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinadi. Ya’ni, cavdo aylanmasi bo‘yicha tibbiy xizmatlar, veterinariya xizmatlari, dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar, shuningdek qonunchilikda belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan xomashyo bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.
Shuningdek, 1 apreldan aholiga suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitar tozalash va issiqlik ta’minoti sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun QQSning «nol» stavkasi ham bekor qilinadi.
2028 yil 1 yanvarga qadar byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmasi, shuningdek, ularning importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Bunda tovarlar ijtimoiy soha hamda infratuzilmani rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan, davlat tashqi qarzi hisobidan to‘liq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olingan bo‘lishi lozim.
Sh.Mamaturopova, O‘zA