Bu yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin, deb xabar beradi “Bloomberg” axborot sayti.
“Bunga birinchi navbatda, albatta, iqlim o‘zgarishi sabab bo‘ladi. Qazib olinadigan yoqilg‘ilarning yonishi atmosferada issiqxona gazlari miqdorini oshiradi, bu esa o‘rtacha global haroratning oshishiga olib keladi”, – deyiladi maqolada.
Biroq nashrning ta’kidlashicha, sodir bo‘layotgan voqealarning yana bir muhim sababi –Tinch okeanining ekvatorial qismidagi suv yuzasi qatlami haroratining o‘zgarishi bilan bog‘liq isishdir.
Meteorolog Petteri Talasning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil yanada issiqroq bo‘ladi va qurg‘oqchilik yoki toshqinlar tez-tez uchraydi. Shunday qilib, o‘tgan yili Markaziy Amerikadagi quruq ob-havo Panama kanalini oziqlantiradigan Gatun ko‘lining qurib ketishiga olib keldi.
– O‘tgan yilgi yuqori harorat dengiz muzlarining katta qismini erib ketishiga olib keldi. Bu esa Shimoliy Atlantika bo‘ylab reaktiv oqimning o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin, – deydi Niderlandiya Qirollik meteorologiya instituti iqlimshunosi Vikki Tompson.
Insoniyat, ehtimol, iqlim tizimida ma’lum bir burilish nuqtasini bosib o‘tdi, deb xulosa qiladi “Bloomberg”. Avvalroq xitoylik mutaxassislar Shimoliy yarimsharda qish favqulodda iliq bo‘lishini bashorat qilgan edi.
G.Sattorova, O‘zA