G‘azo sektori Falastin hududining bir qismidir va bu eksklav falastinliklar tomonidan boshqarilishi kerak. Bu haqda Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy Yaqin Sharq bo‘ylab safari doirasida Dohaga kelgan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Mulozim fikricha, Falastinning XAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Solih al-Aruriyning o‘ldirilishi murakkab muzokaralar jarayoniga ta’sir qilishi mumkin.

– Biroq, qiyinchiliklarga qaramay mojaro tomonlari bilan muzokaralar davom etmoqda, – deydi Qatar diplomatiyasi rahbari. – Tezda kelishuvga erishish uchun sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Uning doirasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishiladi va gumanitar yordam oqimi ko‘paytiriladi. Mahbuslar ozod qilinadi.

Blinken Yaqin Sharqqa safari doirasida allaqachon Turkiya va Iordaniyaga tashrif buyurgan. Qatar ortidan AQSH Davlat kotibi BAA, Saudiya Arabistoni, Isroil, Misr va Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilga boradi.

Amerika tashqi siyosati idorasi rahbari Dohaga tashrifi doirasida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan ham uchrashdi.

O‘zA