Bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan davr pensiyaga chiqishda ish stajiga qo‘shib hisoblanadimi? (+video)

Huquqiy munosabat
Ma’lumki, pensiya va uni olish huquqi qonunda belgilangan shartlarga va me’yorlarga muvofiq aniqlanadigan hamda shaxslarga pensiya yoshiga to‘lish, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlik munosabati bilan beriladigan oylik pul to‘lovi hisoblanadi. Shunga ko‘ra, pensiya olishning ham qonunda ko‘rsatilgan o‘z yo‘nalish va tartiblari bor. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.
– O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuni 37-moddasiga asosan bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 6 yil hisoblanadi.
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etish – shaxsning yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga bevosita tashrif buyurgan holda ariza berish, shaxsning yashash joyidan qat’i nazar eksterritorial tamoyil asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxatdan o‘tib, so‘rovnomani to‘ldirgan holda pensiya tayinlash uchun murojaat qilish kerak bo‘ladi.
Pensiyani qayta hisoblashni so‘rab murojaat etish – pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish, pensiyaning bir turidan boshqa turiga o‘tkazish, ilgari to‘xtatib qo‘yilgan (to‘xtatilgan) pensiya to‘lashni belgilangan tartibda tiklash (qayta tiklash) to‘g‘risida yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza berish bilan amalga oshiriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA