Mulkdorlar sud qarorisiz uy-joydan mahrum etilmaydi

Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini bolalarning dam olish mavsumidan tashqari vaqtda dam olish maskanlari sifatida foydalanishini tashkil etish va bundan olinadigan daromadlari bo‘yicha ma’lum bir muddatga foyda solig‘idan ozod etilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, oromgohlarning majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi talab etilmasligi nazarda tutilmoqda.
Ushbu tartiblarni o‘zida aks ettirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha ma’ruza qilgan deputat G‘ayrat Abdiyevning ta’kidlashicha, unda belgilanayotgan normalar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi sharoitlarni yanada yaxshilash, farzandlarimizning ta’tilni mazmunli o‘tkazishi, ularni sog‘lomlashtirish va aqliy rivojlantirish bo‘yicha vazifalar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda shuningdek, “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi hamda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Fraksiya a’zolari qayd etganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi birinchi navbatda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz amalga oshirishga, xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining ta’minlanishiga xizmat qiladi.
O‘zgartirishlarga muvofiq, mulkdorlarni sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joydan mahrum etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Turli sabablarga ko‘ra, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kafolatlanishi belgilanmoqda.
Yig‘ilish kun tartibidagi barcha masalalar muhokama qilinib, fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA