JSST koronavirusdan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda

Yaqinda Hindistonda JN.1 koronavirus shtammining 312 ta holati aniqlandi. Ahvol ayniqsa, Kerala shtatida xavotirli tus olgan, deb xabar tarqatdi mamlakatdagi SARS-CoV-2 genomikasi bo‘yicha markazi.
Shifokorlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Keralada 147, Goada 51, Gujaratda 34, Maxarashtrada 26, Tamilnadda 22, Dehlida 16, Karnatakada 8, Rajastanda 5, Telanganada ikkita va Odishada bitta COVID-19 bilan bog‘liq holat aniqlangan.
COVID-19ning subvarianti JN.1 tarqalish ro‘yxatida eng oxirgisi bo‘lib, nafaqat Hindistonda, balki AQSH, Singapur va boshqa mamlakatlarda ham qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ilgari ushbu shtammning tez tarqalishini qayd etgandi va uni “xavotirning bir varianti” deb tasniflagan.
JSST 2023 yil 5 mayda COVID-19 xastaligi pandemiya holatini yo‘qotgani haqida e’lon qilgan edi. O‘shanda ham JSST rahbari Tedros Gebreyesus pandemiya to‘xtagani koronavirus endi insonlarga xavf tug‘dirmasligini anglatmasligini ta’kidlagandi. Shu bois Tedros Gebreyesus barchani niqob taqib yurishga hamda COVID-19ga qarshi emlashga chaqirdi. Chunki ko‘plab mamlakatlarda bir necha haftadan beri kasallanish holatlari ko‘paymoqda.
“COVID-19, gripp va boshqa patogenlar keltirib chiqaradigan respirator kasalliklar soni bir necha hafta davomida ko‘plab mamlakatlarda o‘sib bormoqda va Yangi yil ta’tilidan keyin ham davom etishi kutilmoqda”, deb yozdi Tedros ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Binobarin, JSST rahbari barchani COVID-19 uchun testdan o‘tishga va kerak bo‘lganda tibbiy yordamga murojaat qilishga chaqirgan.
“Ta’sirni kamaytirish uchun niqoblar, shamollatish va masofadan foydalanishni davom ettiring, o‘zingiz hamda yaqinlaringiz COVID-19 va grippga qarshi emlaning”, deya qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, u barcha davlatlarni test va vaksinalar olishni kafolatlashga hamda COVID-19ning mutatsiyalashuv jarayonini kuzatib borishga chaqirgan.
S.Rahimov, O‘zA