“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi (+video)

Keyingi vaqtda “strategiya” turmush tarzimizda, ayniqsa davlat va jamiyat boshqaruvida keng qo‘llanilayotgan so‘zlardan biri aylandi. Bu bejiz emas, aynan davlatimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar globallashuv sharoitida sohalarni strategik yondashuv asosida rivojlantirishni toqazo qiladi.
Strategiya asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni tizimlilikni, aniq maqsad va vazifalarni belgilab olishni nazarda tutadi. Bu esa davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Shunisi bor-ki, strategiya bu ochiq hujjat. Unda davlatning qisqa, o‘rta va uzoq muddatda qanday maqsadlarni belgilab olgani, buni qay tartibda amalga oshirishini o‘zida aks ettiradi. Yanada sodda aytganda, strategiyaga qarab xorijlik hamkorlar, potensial investorlar mamlakatimiz bilan hamkorlik ko‘lami bo‘yicha qaror qabul qiladi. Mamlakat aholisi esa yaqin va uzoq istiqbolda davlatda qanday o‘zgarishlar va yangilanishlar ro‘y berishi bo‘yicha aniq ma’lumot va tasavvurga ega bo‘ladi.
Shu bois, bizda ikkita muhim hujjat qabul qilindi va har ikkalasi ham bugun amalda. Ularda belgilangan vazifalar bir-birini to‘ldiradi va bir maqsadga qaratilgan.
Birinchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi o‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni va bu bilan tasdiqlangan (kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan) Taraqqiyot strategiyasi. Ikkinchisi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakov bilan suhbatda ikki muhim hujjatning o‘xshash va bir-biridan farq qiluvchi jihatlari, ularning ijrosini ta’minlash, aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasida olib borilayotgan tadbirlar xususida so‘z boradi.
Suhbat davomida jurnalist Dilshod Bo‘riyev ikki muhim hujjat ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgan holatlar, mas’ul mansabdor shaxslarga ko‘rilayotgan choralar haqidagi kutilmagan savollarni o‘rtaga tashlaydi.
O‘zaro suhbatda “O‘zbekiston 2030” strategiyasida rahbar kadrlarning shaxsiy javobgarlik va mas’uliyatini oshirish, ta’lim yo‘nalishida belgilangan maqsadlar, aholining faolligini hamda jamoatchilik nazoratini aniqlovchi indikatorlarni ishlab chiqish kabi dolzarb masalalar tahlil qilingan.
Dilshod Bo‘riyev,
Doniyor Yakubov,
O‘zA