Sarhisob

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgari surilgan, mamlakatimiz taraqqiyotini belgilab beradigan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida  “Inson – jamiyat – davlat” hamda “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyillar asosida olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirishga qaratilgan g‘oyalar har birimizga aniq rejalar belgilab berdi. Ushbu murakkab vazifalarni bajarishda mamlakatimizda so‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar, davlatimiz rahbari va hukumatimizning farmon hamda qarorlari dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida o‘tgan yili 11 ming 147 ta yangi ish o‘rni yaratilib, bandlik dasturining ijrosi 103 foizga bajarilishi, aholining ishsizlik darajasi yil boshidagi 8,1 foizdan 8 foizga kamayishiga erishildi. “Temir daftar”ga kiritilgan 205 ta oilaga, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan jami 4 ming 700 nafardan ziyod fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Tumanda 142  km ichki va 7 km davlat ahamiyatidagi yo‘llar ta’mirlandi. Shuningdek, 42 km ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Elektr ta’minoti bo‘yicha 69,9 km tarmoq va 10 dona transformator punkti rekonstruksiya va modernizatsiya  qilindi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 3,2 mingdan ziyod xonadon, 50 taga yaqin tadbirkorlik sub’ekti hamda 8 tadan ortiq ijtimoiy soha muassasasining elektr ta’minoti yaxshilandi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 80 taga yetdi va qamrov darajasining  74 foizdan oshishiga erishildi.  2023 yil  holatiga umumta’lim maktablarida kompyuter uskunalari bilan ta’minlanishi hamda optik tolali internet yuz foizga yetkazildi.

Sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha kelgusida  “Oqqamish” OFY hududida joylashgan “Miskin” oilaviy shifokorlik punkti, 39-son oilaviy poliklinikasi, “Kaltaminor” oilaviy shifokorlik punkti va yuqumli kasalliklar bo‘limini ochish, ko‘p tarmoqli poliklinikada ta’mirlash ishlarini olib borish hamda yangidan 70 o‘rinli binoni  qurish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, dehqonlar daromadini ko‘paytiradigan, eksportbop mahsulotlarni yetishtirish ustida tinmay izlanishlar olib borilmoqda. Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda. Tashkil etilgan klasterlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sababli hozir paxta hosildorligi sezilarli darajada o‘sdi. Bundan 4-5 yil avval hosildorlik 20 sentner bo‘lgan bo‘lsa, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida 2022 yilda 30-35 sentnergacha hosildorlikka erishildi.

O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidentining  2022 yil  25 oktyabrdagi  “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida tumanda bir qator qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, qaror doirasida 21,2 kilometr uzunlikdagi yo‘llarni ta’mirlash, 2 ta suv chuchuklashtiruvchi inshoot hamda 29,3 km uzunlikdagi suv tarmog‘ini yangidan tortish va rekonstruksiya qilish, 2 ta mahalla binosini yangidan qurish, 12 km piyodalar yo‘lakchasini qurish, 2 ta yangidan transformator o‘rnatish, 4 ta piyodalar o‘tish ko‘prigini qurish hamda 3 km uzunlikdagi gaz tarmog‘ida ta’mirlash ishlari, qaror doirasida 25 ta ob’ektda 26 milliard  290 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston  Respublikasi  Vazirlar  Mahkamasining  2022 yil  6 sentyabrdagi  “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qulay biznes muhitini yaratish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va infratuzilmalar bilan ta’minlanganlik darajasini yanada yaxshilash orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tumanda 85 km uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘llariga shag‘al yotqizildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ikkinchi ilovasiga muvofiq, xatlovda aniqlangan og‘ir turmush sharoitidagi  2 ming 521 ta xonadondan  yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi 33 ta uy-joyni yangidan qurish ishlari yakunlandi. 2 ming 488 ta uy-joydan 1 ming 38 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash (yopish) ishlari olib borildi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 85 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratish orqali 4 ming nafar fuqaroning, xizmat ko‘rsatish sohasiga  8 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratish orqali 166 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Tumanga investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish masalasi eng muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.  Bu borada amalga oshiriladigan, qiymati 289 milliard so‘mlik 77 ta investitsiya loyihasining manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Xususan, o‘tgan yilda eksport hajmi 6 million dollarga yetkazilib, 2022 yilga nisbatan 117 foizga o‘sishga erishildi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 390 ta xonadonli 12 ta uy-joyni qurish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 1 million 348 ming tup, shundan joriy qilingan “Dolzarb 40 kunlik” davomida  kuz mavsumida 498 ming dona ko‘chat ekildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri