Qozog‘istonning “Kazmunaygaz” milliy kompaniyasi G‘arbiy Prorva va Qalamqas konlarini 2027 yilda ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Kazmunaygaz” matbuot xizmati xabar bermoqda.

“2027 yilda “Kazmunaygaz” G‘arbiy Prorva va Qalamqas konlarini ishga tushirish niyatida. Gaz qazib olish yiliga 1,1 milliard kub metrni tashkil etishi kutilmoqda. Xalqaro kompaniyalar bilan birgalikda jami 12 ta istiqbolli geologiya-qidiruv loyihalari, shuningdek, mavjud konlarni qo‘shimcha razvedka qilish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, 2023 yilda uchta yangi konni ekspluatatsiya qilish allaqachon boshlangan. Ular Janubiy Oqsay, Sharqiy Uriktau, Rojkovskaya konlaridir.

Yaqin 3-4 yil ichida “Kazmunaygaz” Markaziy Uriktau konida qazib olish ishlarini boshlaydi. Bu yiliga 1 milliard kubometr gazni tashkil etadi, deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, “Kazmunaygaz” gaz strategiyasini ishlab chiqmoqda. Uning doirasida 2030 yilgacha tabiiy gaz qazib olish hajmini Tengiz, Karachaganak va Qashag‘on kabi yirik loyihalarni hisobga olmaganda yiliga 6,7 milliard kub metrga yetkazishni rejalashtirmoqda.

O‘zA