Taksist, repetitor singari kasb egalari ham soliqqa tortiladimi?

412

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2024 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soliq davrida 100 million so‘mdan ortiq topgan daromadidan YATTlar kabi soliq to‘laydi.

Shu yerda haqli savol tug‘iladi. Deylik, soliq davri 101 million so‘m daromad bilan yopildi. Bunda 4 foiz, jami 101 million so‘mdan to‘lanadimi yoki 100 milliondan ortiq bo‘lgan 1 million so‘m qismidan soliq bazasi hisoblanadimi? Nazarimizda, ushbu masalaga aniqlik kiritilib, mexanizmi bo‘yicha Soliq qo‘mitasi tushuntirish berib chiqishi kerak. Chunki o‘zini o‘zi band qilganlar juda ko‘p va keng kontingent. Yana bir mexanizmga ham aniqlik kiritilishi kerak: ko‘pchilik soliqqa tortilmagani uchun pulni qo‘lda, naqdda olib yuravergan. Pullarni kirim qilish, soliqni to‘lashning soddalashtirilgan mexanizmlari qanday bo‘ladi? 

Soliq qo‘mitasining O‘zAga ma’lum qilishicha, 2024 yildan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyati natijasida olgan daromadlari 100 mln. so‘mdan oshganda, oshgan kundan e’tiboran yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 28 dekabrdagi tegishli qonuniga asosan Soliq kodeksining 369-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun quyidagicha soliq majburiyati belgilandi.

Xususan, 2024 yilning 1 yanvaridan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlariga ushbu daromadlar soliq davrida yuz million so‘mdan oshgan kundan e’tiboran yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliq solinishi belgilandi.

Ma’lumki, Soliq kodeksining 461-moddasining birinchi qismi 2-bandiga asosan soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi yuz million so‘mdan oshgan, lekin bir milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar hisoblanishi belgilangan.

Shunga asosan soliq davrida mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlariga yuz million so‘mdan oshgan kundan e’tiboran ushbu kodeksning 467-moddasiga asosan 4 foizlik stavkada aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash lozim bo‘ladi.

Xuddi shunday, agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar elektron tijorat ishtirokchisi hisoblanib, ya’ni elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana sotish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirsa, u holda aylanmadan olinadigan soliq 2 foizlik stavkada to‘lanadi.

Shu kabi, Prezidentimizning 2022 yil 30 dekabrdagi farmonining 1-ilovasi tasdiqlangan beshinchi toifaga kiritilgan hududlardagi o‘zini o‘z band qilgan shaxslarga aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 2026 yil 1 yanvarga qadar 1 foiz miqdorida qo‘llaniladi. Misol uchun, o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning joriy yilning yanvar oyida mehnat faoliyatidan olgan daromadlari 101 mln. so‘mni tashkil etsa, oshgan qismidan ya’ni 1 mln. so‘midan 4 foizlik stavkada ya’ni 40 ming so‘m aylanmadan olinadigan soliq to‘lanadi.

O‘z navbatida ushbu shaxslar aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha har oyda jumladan, hisobot davri yakunlari bo‘yicha – hisobot davridan keyingi oyning o‘n beshinchi kunidan hamda yil yakunlari bo‘yicha – soliq davridan keyingi davrning 15 fevralidan kechiktirmay hisobot taqdim etish majburiyati yuklanadi.

To‘lovlarni amalga oshirish yuqorida qayd etilgan ya’ni hisobot taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi. Ya’ni yuqoridagi misolda qayd etilgan 100 mln. so‘mdan oshgan daromadning 1 mln. so‘mi uchun fevral oyining 15 sanasiga qadar soliq hisoboti taqdim etilishi hamda shu muddatga qadar to‘lovni amalga oshirishi lozim.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning daromadi qanday aniqlanadi? 

Ma’lumki, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilishi hamda nazorat-kassa texnikasi va bank plastik kartochkalari orqali hisob-kitoblar bo‘yicha to‘lov terminallaridan foydalanadi hamda tijorat banklarida hisob varaqlarini ochgan holda faoliyat yuritishlari mumkin. O‘z navbatida yuqorida qaydetilgan ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasida tashqi manba ma’lumotlari asosida shakllandi. Shunga asosan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning daromadlarini yuqorida qayd etilgan ma’lumotlar asosida aniqlash imkoniyati mavjud.

Daromadi 100 mln. so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar YATTlar kabi xodimlarni yollay oladimi? 

Ma’lumki YATTlar 5 nafarga yaqin xodim yollagan holda faoliyat yuritishlari mumkin. O‘z navbatida xodimni yollash bevosita ikkita tomon o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi hamda soliq organlariga har bir yollangan xodimlarni majburiy tartibda hisobga qo‘yishlari lozim bo‘ladi. Shuningdek, YATT zimmasida har bir ya’ni 5 nafargacha yollagan xodimlari uchun daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliq to‘lovini amalga oshirish majburiyati yuklatilgan.

Shunga asosan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga hamda tadbirkorlik sub’ektlariga yollangan xodim sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishga haqli emas.

Daromadi 100 mln. so‘mdan oshganda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida e’tirof etiladimi yoki YATTga aylanadimi? 

Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning jami daromadi soliq davrida 100 mln. so‘mdan oshsa YATTga aylanmaydi. Faqatgina soliq to‘lash majburiyati YATT sifatida belgilanadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning daromadi 100 mln. so‘mdan oshganda ijtimoiy soliqni YATT kabi to‘laydimi? 

Ijtimoiy soliq to‘lash ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Shunga asosan daromadi 100 mln. so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ham yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida mehnat stajini hisoblash uchun ijtimoiy soliq to‘laydi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA