“Ryonxap” axborot agentligining xabar tarqatishicha, bugun ertalab soat soat 9:00 da Shimoliy Koreya armiyasi Janubiy Koreyaning Pennyondo va Yonpxyondo orollariga qarata ikki soat mobaynida zambaraklardan 200 dan ziyod o‘q uzgan. Garchi snaryadlar shimolliklar hududiga tushib,  Janubiy Koreya zarar ko‘rmagan bo‘lsada, bu voqea yarim orolda vaziyatni keskinlashtirgani va xavotirga sabab bo‘lgani turgan gap. Chunki, 2010 yilda ham Yonpxyondo oroli qarama-qarshilik ob’ektiga aylangan edi. O‘shanda Shimoliy Koreya  zambaraklardan o‘t ochishi oqibatida ikki nafar dengiz piyodasi va ikki nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, o‘ndan ziyod askar va mahalliy aholi vakillari yaralangan, orolga ham sezilarli ziyon yetkazilgan edi.

Tabiiyki, KXDR tomonidan uyushtirilgan navbatdagi  otishmalar  tufayli orol aholisi hayoti yana xavf ostida qolgan. Shu bois Janubiy Koreya harbiylari tavsiyasiga ko‘ra, Yonpxyondo orolidan aholini ko‘chirish haqida e’lon berilgan.

Ryonxap” axborot agentligining ma’lum qilishicha, bu galgi otishmalar natijasida qurbonlar qayd etilmagan, fuqaro ob’ektlari hamda harbiy infratuzilmalarga ziyon yetmagan, snaryadlar ikki davlat dengiz chegarasi yaqinida shimolliklar tomoniga kelib tushgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, 2018 yil 19 sentyabrda Janubiy va Shimoliy Koreya harbiylari o‘rtasida dengiz chegarasida harbiylashtirilmagan hudud o‘rnatilgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad, Sariq va Sharqiy dengizning ushbu hududlarida harbiy to‘qnashuvlarning oldini olish bo‘lgan. Mazkur hududda zambaraklardan o‘t ochish va boshqa harakatlarni amalga oshirish ushbu harbiy kelishuv shartlarini buzishni anglatadi.

Xabarlarga ko‘ra, Inchxon shahrining Yonpxyondo orollar guruhi joylashgan Yonpxyon tumani ma’muriyati aholini xavfsiz joyga ko‘chirish haqida ikki marta e’lon bergan.

So‘nggi paytlarda Koreya yarim oroli atrofida keskinlik anchayin taranglashgani xalqaro hamjamiyatni xavotirga solmoqda. 2023 yilda Shimoliy Koreyaning Yapon dengiziga qarata bir necha bor raketa uchirib, harbiy sinovlar o‘tkazgani turli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Yaponiya va Janubiy Koreya mamlakatlari shimolliklarning harakatlarini qoralab, muntazam ravishda ogohlantirib kelishlariga qaramay, KXDR yetakchisi Kim Chen In o‘zining keskin bayonotlarini to‘xtatmayapti. Misol uchun, yaqinda u agar ikki mamlakat o‘rtasida yadroviy mojaro yuzaga kelsa mamlakat armiyasi Janubiy Koreyaning barcha hududini egallab olish uchun to‘xtovsiz tayyorgarlik ko‘rish kerak, deb bayonot berdi. Shuningdek, Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligining xabar berishicha, mamlakat rahbari ushbu urushga barcha vosita, jumladan, yadroviy imkoniyatlar ham jalb qilinishiga tayyor turish kerak, degan.

Avvalroq KXDR yetakchisi mamlakat harbiy-dengiz kuchlarining suvosti va suvusti kuchlarini mustahkamlash, shuningdek, o‘zi uchar qurilmalarning ko‘plab turlarini hamda radioelektron vositalarini ishlab chiqishni tezlashtirish zarurligini ta’kidlagandi. Bundan tashqari, fuqaro mudofaa sohasida dushmanning harbiy harakatlariga faol va tashabbuskor qarshi turishi uchun askarlarni o‘qitish usullarini to‘xtovsiz yangilab borish kerakligini aytgan.

S.Rahimov, O‘zA