Isroilning 90 kunlik tajovuzi davomida 9730 nafar bola va 6830 nafar ayol halok bo‘ldi. 7 oktyabrdan beri Isroil harbiylari G‘azo sektorida kuniga kamida 108 falastinlik bolani o‘ldirmoqda, deb xabar bermoqda “Anadolu” axborot agentligi, G‘azo hukumati matbuot xizmati bayonotiga tayangan holda.
G‘azo hukumati Isroil armiyasining hujumi oqibatida ko‘rilgan zararlar haqida dahshatli faktlarni keltirgan.
Hisobotga ko‘ra, yana 7000 ga yaqin odam, ularning uchdan ikki qismi ayollar va bolalar hamon G‘azo sektorida qamalda qolmoqda yoki bedarak yo‘qolgan. O‘lganlarning umumiy soni 22 ming kishidan oshgan, yana 57 mingdan ortiq odam jarohat olgan. Isroil askarlari qo‘lidan 326 tibbiyot xodimi halok bo‘lgan.
Shuningdek, Isroilning hujumlaridan 106 jurnalist halok bo‘lgan. Ko‘chirilgan falastinliklar boshpana topgan gavjum turar joy markazlari chidab bo‘lmas darajada yomon. Bu esa 355 ming kishi orasida yuqumli kasalliklarni keltirib chiqargan.
Isroil armiyasi 130 ta davlat muassasasi, 93 ta maktab va universitetni vayron qilgan, 292 ta maktab va universitet qisman zarar ko‘rgan. G‘azo sektorida saraton bilan kasallangan 10 ming nafar bemor tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmagani uchun o‘lim xavfi ostida qolmoqda.
Isroilning zarbalari 218 ta masjidga zarar yetkazgan, ulardan 122 tasi butunlay vayron qilingan. Shuningdek, 3 ta cherkov buzilib ketgan.
Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi 150 ta tibbiyot muassasiga hujum qilib, 53 ta tibbiyot markazi, 30 ta kasalxona va 121 ta tez yordam mashinasini ishdan chiqargan. Shuningdek, 200 ta tarixiy va madaniy yodgorliklar ham butunlay yo‘q qilingan.