“Dok-1 maks” ishi: prokurorning qo‘shimcha ayblov bo‘yicha xulosasi o‘qib eshittirildi

327

Xabaringiz bor, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 maks” dori vositasini qabul qilgan 65 nafar bola vafot etgan edi. Toshkentda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni yana davom etmoqda.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raislik qilayotgan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 2023 yil 1 dekabr kuni bir oyga to‘xtatilgani ma’lum qilingan edi.

Sababi – “Dok-1 maks” va “Ambronol” (sirop) dori vositalarini iste’mol qilib, “o‘tkir buyrak yetishmovchiligi” oqibatida vafot etgan 65 nafar bola o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishiga aloqador yangi shaxslar Davlat xavfsizlik xizmati tergov organi tomonidan ayblangan.

Sud majlisida prokurorning qo‘shimcha ayblov bo‘yicha xulosasi o‘qib eshittirildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ilgarigi sud majlislarida 21 nafar sudlanuvchining ishi ko‘rilayotgan edi. Jinoyat-protsessual kodeksining 416 – 417 moddalariga asosan sud ajrimi bilan qo‘shimcha tergov o‘tkazish belgilangan. Shunga ko‘ra, tergov organlari tomonidan 2 nafar shaxs sud tergoviga tortilib, sudlanuvchilar soni 23 taga yetdi.

Bundan tashqari 21 nafar sudlanuvchining 17 tasiga alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bu ish ham sudga taqdim qilindi. Shu tariqa ikkita jinoyat ishi bir ishga birlashtirildi.

Keyingi sud joriy yil 10 yanvar kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Norgul Abduraimova, O‘zA