Ulushdorning mulk huquqini belgilash tartibi qanday? (+video)

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 27 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi Nizomning 45-bandiga ko‘ra qurilish ob’ektiga nisbatan ulushdorning mulk huquqi shartnoma, quruvchi va ulushdor o‘rtasida imzolangan topshirish-qabul qilish dalolatnomasi hamda qurilish ob’ektini foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Ulush kiritish asosida qurilish haqidagi ma’lumotlarni yuritish, shu jumladan quruvchilarni Elektron ro‘yxatga kiritish va shartnomalarni hisobga qo‘yish elektron shaklda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan elektron platforma orqali Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslar – ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish faqat yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan hamda Ulush kiritish asosida qurish uchun mablag‘larni jalb etuvchi quruvchilarning elektron ro‘yxatiga kiritilgan quruvchilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Ulushdorlarning mablag‘lari quruvchining har bir qurilish majmuasi bo‘yicha alohida bank hisob varag‘ida jamlanadi hamda faqat quruvchi va ulushdorlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish maqsadlari uchun yo‘naltiriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA